O‘zbekiston Rossiyada yangi avlod reaktorini tadqiq qilish bo‘yicha Konsorsiumga qo‘shildi
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti (YaFI) Rossiyada "Yangi atom va energetika
texnologiyalari" texnologik yetakchilik milliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan IV avlod Ko‘p maqsadli tezkor
tadqiqot reaktori (KMTTR) negizida "Rosatom" xalqaro tadqiqot dasturining rasmiy ishtirokchisiga aylandi.
Kelishuv 2025-yil 16-iyulda Yadro fizikasi instituti direktori Ilhom Sodiqov va «Лидер Консорциума
«МЦИ МБИР» MCHJ bosh direktori Vasiliy Konstantinov o‘rtasida imzolandi.
Institutning xalqaro Konsorsiumdagi ishtiroki unga yangi avlod reaktorlaridan foydalanish bilan
bog‘liq zamonaviy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalardan foydalanish imkoniyatini beradi.
Birinchi navbatda, gap ekstremal sharoitlarda zarrachalar xatti-harakati va o‘zaro ta’sirining nazariy
modellarini eksperimental tasdiqlash sohasidagi fundamental tadqiqotlar haqida bormoqda.
YaFIning KMTTR reaktoridagi tadqiqot dasturiga qo‘shilishi ilmiy hamkorlikni kengaytirish
va o‘zbekistonlik olimlarni xalqaro loyihalarga faol jalb qilish, atom energiyasidan tinch maqsadlarda
foydalanish sohasida ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Ma’lumot uchun:
KMTTR – bu natriyli issiqlik tashuvchi va taxminan 150 MVt issiqlik quvvatiga ega bo‘lgan
ko‘p maqsadli tez neytron tadqiqot reaktori.